
Yosh o‘tishi bilan ereksiya buzilishiga sabab bo‘ladigan turli kasalliklarning rivojlanish ehtimoli ortadi. Spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, chekish va kamharakat turmush tarzi ham jinsiy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Erkakning yoshi ulg‘aygan sari jinsiy a’zolar bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, ammo uzoq muddat yoki doimiy ravishda dori qabul qilishni talab etadigan surunkali kasalliklar uchrashi ehtimoli oshadi. Ayrim dorilar jinsiy quvvatga salbiy ta’sir qiladi. Bunday nojo‘ya ta’sir turli yo‘llar bilan yuzaga kelishi mumkin.
Dori bilan bog‘liq ereksiya buzilishi ko‘pincha dorilarning jinsiy a’zolarga ta’siri tufayli yuzaga keladi. Bunday ta’sir ruhiy holat va asab tizimiga ta’sir qiluvchi dorilarga — neyroleptiklar, trankvilizatorlar va ayrim antidepressantlarga, qon bosimini tushiruvchi ko‘plab dorilarga — bisoprolol, anaprilin, shuningdek, birinchi avlod antigistamin dorilariga — ranitidin, difengidramin, xloropiramin, klemastin va boshqalarga xos.
Ereksiya qanday yuzaga keladi?
Ereksiya ikki mexanizm orqali boshqariladi:
- Reflektor ereksiya — jinsiy olatga teginish natijasida yuzaga keladi.
- Psixogen ereksiya — jinsiy qo‘zg‘alish uyg‘otadigan tasavvurlar, tasvirlar va boshqa ta’sirlar natijasida paydo bo‘ladi.
Reflektor ereksiyani periferik nervlar, ya’ni bosh miya va orqa miyadan tashqaridagi nervlar hamda orqa miyaning quyi qismlari boshqaradi. Psixogen ereksiya esa bosh miyaning hissiyotlar bilan bog‘liq qismi — limbik tizim orqali boshqariladi. Ushbu jarayonlarda asab tizimi faoliyatining buzilishi ereksiya bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.
Reflektor ereksiya paytida jinsiy olatning ta’sirlanishi azot oksidi ajralishiga sabab bo‘ladi. Bu modda jinsiy olatdagi g‘ovaksimon tanalarda joylashgan qon tomirlari devorining bo‘shashishiga olib keladi. G‘ovaksimon tanalar — qon bilan to‘lib, olatning qattiqlashishini ta’minlaydigan tuzilmalardir. Ular qon bilan to‘lganda ereksiya yuzaga keladi.
Ereksiya yuzaga kelishi uchun qonda testosteron gormoni ham yetarli miqdorda bo‘lishi kerak. Demak, ereksiya buzilishi gormonal tizimdagi o‘zgarishlar, asab tizimi kasalliklari, jinsiy olatga yetarlicha qon kelmasligi yoki ruhiy muammolar tufayli yuzaga kelishi mumkin.
Erektil disfunksiyaning uchta shakli mavjud
- Organik shakli — holatlarning 70–90 foizida aniqlanadi. Organizmda yuz bergan o‘zgarishlar yoki buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lib, asta-sekin boshlanadi va vaqt o‘tishi bilan kuchayib boradi. Bunga qon tomirlari, nervlar yoki gormonlar bilan bog‘liq buzilishlar, dorilar ta’siri, yallig‘lanish, jinsiy olatning jarohatlari yoki kasalliklari, buyrak yetishmovchiligi yoki gemodializ — qonni maxsus apparat yordamida tozalash muolajasi sabab bo‘lishi mumkin. Organik shakl gormonal, dori ta’siriga bog‘liq, mahalliy — jinsiy olatning o‘zidagi o‘zgarishlarga bog‘liq, nevrologik va qon tomirlariga bog‘liq turlarga bo‘linadi.
- Psixologik shakli — to‘satdan boshlanadi, vaqti-vaqti bilan yoki muayyan vaziyatlarda yuzaga keladi. Erkakning ruhiy holati va asab tizimi xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, ruhiy zo‘riqish yoki depressiya bilan aloqador bo‘lishi mumkin.
- Aralash shakli — jismoniy va ruhiy omillar birgalikda ta’sir qilganda yuzaga keladi.
Tashxis qo‘yish
Ereksiya buzilishining sababini aniqlash uchun mutaxassisga murojaat qilish kerak. Tekshiruvdan maqsad — ushbu muammoga sabab bo‘layotgan yoki u bilan birga kechayotgan jiddiy kasalliklar bor-yo‘qligini aniqlash.
Suhbat va ko‘rikdan so‘ng shifokor odatda bir qator tekshiruv va tahlillarni tayinlaydi. Ular orasida ultratovush tekshiruvi, siydik tahlili, prostata bezidan ajraladigan suyuqlik tahlili, gormonlar miqdorini aniqlash va immunoferment tahlillari bor.
Jinsiy olat qon tomirlarining ultratovush tekshiruvi — farmakodopplerografiya — g‘ovaksimon tanalardagi qon oqimini va venalar orqali qonning qaytib chiqish miqdorini baholash uchun qo‘llanadi. Shuningdek, bu tekshiruv qon tomirlarida ateroskleroz belgilarini, ereksiyani ta’minlovchi to‘qimalarda chandiqlanish yoki kalsiy tuzlari to‘planishini aniqlashga yordam beradi.
Tekshiruv davomida ereksiyani yuzaga keltiruvchi dori — masalan, alprostadil yoki papaverin yuboriladi. Shundan so‘ng ultratovush yordamida qon tomirlarining kengayishi kuzatiladi va jinsiy olat tomirlaridagi qon oqimi o‘lchanadi. Olingan natijalar olat qattiqlashmagan holatdagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi.
Davolash usullari
- FDE-5 ingibitorlari guruhidagi dorilar: Viagra, Sialis, Levitra, Zidena.
- Jinsiy olatning g‘ovaksimon tanalariga dori yuborish — inʼeksiya qilish.
- Vakuum moslamalari.
- Fizioterapiya va psixoterapiya.
- Gormonal davolashda qo‘llanadigan dorilar: testosteron, anastrozol va boshqalar.
- Turmush tarzini o‘zgartirish: masalan, sport bilan shug‘ullanish, chekish va spirtli ichimliklardan voz kechish.
- Jinsiy olat qon tomirlarida bajariladigan operatsiyalar: olatning ustki tomonidagi venaning bir qismini olib tashlash — dorsal vena rezeksiyasi yoki olat venalarini tomir ichidan berkitish — endovaskulyar embolizatsiya. Bu operatsiyalarning samaradorligi yuqori emasligini ta’kidlash kerak. Faqat kamdan-kam hollarda ularning ta’siri bir-ikki yildan uzoq saqlanadi.
- Jinsiy olatga protez o‘rnatish. Yuqoridagi usullar samara bermasa, jinsiy olat protezlari qo‘llanadi.
Protezlarning bir turi silikon tayoqchalardan iborat bo‘lib, ular operatsiya orqali jinsiy olatning g‘ovaksimon tanalariga o‘rnatiladi. Jinsiy aloqa qilish uchun olatni to‘g‘rilash, aloqadan so‘ng esa yana tinch holatiga qaytarish kerak. Bunday protezlarga AMS Tactra, Coloplast Genesis va Promedon Tube misol bo‘ladi.
Shuningdek, shishiriladigan, ya’ni gidravlik protezlar ham mavjud. Ular ichida suyuqlik bo‘lgan, ichi bo‘sh silikon naychalardan iborat.
Ereksiya buzilishining oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
- Sog‘lom turmush tarzini olib borish, to‘g‘ri va muntazam ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish hamda sog‘liqqa e’tibor berish.
- Chekmaslik, spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilmaslik, yaxshisi ulardan butunlay voz kechish va giyohvand moddalarni iste’mol qilmaslik.
- Ereksiyaga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan dorilarni qabul qilmaslik yoki ularni faqat shifokor ko‘rsatmasi bilan, qo‘llash yo‘riqnomasiga rioya qilgan holda qabul qilish.
- Muntazam jinsiy hayot kechirish, uzoq muddat jinsiy aloqadan tiyilishdan ham, haddan tashqari ko‘p jinsiy aloqadan ham saqlanish.
- Kichik chanoq yoki oraliq — jinsiy a’zolar bilan orqa chiqaruv teshigi orasidagi soha jarohatlanganda, kichik chanoq sohasida operatsiya rejalashtirilganda, shuningdek, qandli diabet yoki yuqori qon bosimi kasalligi bo‘lsa, albatta urolog bilan maslahatlashish.
Erektil disfunksiya dolzarb muammo hisoblanadi. Chunki u erkakning jinsiy hayotidagi qiyinchiliklar bilangina cheklanmaydi, balki ko‘plab jiddiy kasalliklarning bevosita oqibati ham bo‘lishi mumkin. Shu sababli bu muammo bemorning alohida e’tiborini va malakali mutaxassis nazoratini talab qiladi.


